
Suhbat chog‘ida tashqi siyosat idoralari rahbarlari ta’kidlaganidek, ikki mamlakat rahbarlarining mustahkam siyosiy irodasi tufayli O‘zbekiston-Turkmaniston strategik sherikligi yaxshi qo‘shnichilik, do‘stlik va o‘zaro anglashuv ruhida jadal va samarali rivojlanmoqda.
Turkmaniston Prezidentining 2018-yil 23-24-aprel kunlari O‘zbekistonga davlat tashrifi doirasida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish jarayoni muhokama qilindi.
Vazirlar ikki tomonlama savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish istiqbollari to‘g‘risida so‘z yuritar ekan, tovar aylanmasining jadal o‘sib borayotganini ta’kidladilar. Savdo hajmi o‘tgan yilning yanvar-noyabr oylarida 2017-yilning shu davriga nisbatan 53 foizga oshdi.
Uchrashuvda ikki davlat bozorlarida tovar ishlab chiqaruvchilar uchun o‘zaro qulay shart-sharoitlar yaratish, hududlararo hamkorlikni faollashtirish, mintaqada tranzit va transport koridorlarini rivojlantirish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, turizmni rivojlantirish, O‘zbekiston va Turkmanistonda qo‘shma tadbirlarni tashkil etish orqali madaniy-gumanitar sohadagi aloqalarni chuqurlashtirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Vazirlar Toshkent shahrida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining bo‘lajak maslahatlashuv uchrashuvini muvaffaqiyatli o‘tkazishdan manfaatdor ekanliklarini ta’kidladilar.
Uchrashuvda Turkmaniston Elchisi Yazguly Mammedov ishtirok etdi.