
Bo‘lib o‘tgan suhbat chog‘ida ikki tomonlama aloqalarni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil noyabr oyidagi Koreya Respublikasiga davlat tashrifi chog‘ida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratildi. Bo‘lajak oliy darajadagi O‘zbekiston – Janubiy Koreya uchrashuvi mamlakatlarimiz va xalqlarimiz o‘rtasidagi ko‘p qirrali strategik hamkorlikni rivojlantirishda yangi bosqich bo‘lib xizmat qilishiga ishonch bildirildi.
Vazir ta’kidlaganidek, O‘zbekiston Koreya Respublikasi bilan o‘zaro hurmat, ishonch va qo‘llab-quvvatlash tamoyillariga asoslangan qalin do‘stlik munosabatlarini yuqori baholaydi va qadrlaydi.
Qator yillar davomida Koreya Respublikasi muntazam ravishda O‘zbekistonning asosiy savdo sheriklari qatoridan o‘rin olmoqda. 2018-yilda savdo aylanmasi 2,1 mlrd. AQSh dollarini tashkil etib, avvalgi yilning ayni ko‘rsatgichlariga nisbatan 54%ga o‘sdi. Mamlakatimiz iqtisodiyotining muhim tarmoqlariga jalb qilingan Janubiy Koreya investitsiyalarining hajmi 5 mlrd. dollardan oshdi. Hamkorlikning deyarli barcha sohalarida birgalikda samarali ishlash borasida sezilarli tajriba to‘plandi, strategik sherikchilikning mustahkam shartnomaviy-huquqiy asosi shakllantirildi.
Mamlakatimiz hayotining axborot-kommunikatsiya texnologiyari, qishloq xo‘jaligi, davlat boshqaruvi, kadrlar tayyorlash, tibbiyot, ta’lim va ko‘plab boshqa jabhalarida Janubiy Koreya tajribasiga talab mavjud.
Shu kunning o‘zida Tashqi ishlar vazirligida ikki tomon siyosiy maslahatlashuvlarining 13-raundi o‘tkazilib, unda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikning kompleks masalalari, jumladan bo‘lajak uchrashuvlar jadvali ko‘rib chiqildi.
Muzokaralarda Koreya Respublikasi Elchisi Kvon Yon U ishtirok etdi.