
BERLIN, 15-noyabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Germaniya Federativ Respublikasidagi elchixonasi va O‘zbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasining mazkur davlatdagi vakilligi hamkorligida Berlin shahrida o‘zbek xalq ertaklari taqdimoti tashkil etildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Berlin shahar meriyasi shafeligida nishonlanayotgan “Berlin ertaklar haftaligi“ning 30 yillik yubileyi doirasida o‘tkazilgan mazkur tadbirda Germaniya poytaxti maktablarining 80 dan ortiq o‘quvchisi, shuningdek o‘qituvchilar va yubiley tashkilotchilari qatnashdi.
“Berlin ertaklar haftaligi“ning asosiy shiori "Ertaklar chegara tanlamas" bo‘lib, u bugunga qadar turli davlat, millat va elatlarning xalq og‘zaki ijodini bir-biriga bog‘lashda ko‘prik vazifasini bajarib kelmoqda.

Ushbu yubileyga bag‘ishlab O‘zbekistonning Berlindagi elchixonasida nemis maktablarining o‘quvchilari ishtirokida qiziqarli tadbir tashkil etildi. Kichik ertaksevar kitobxonlar o‘zbek xalq og‘zaki ijodi namunalari orqali xalqimizning madaniyati, urf-odatlari, bolajonligi va bag‘rikengligi bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Jumladan, to‘g‘riso‘zlik, mehribonlik va mehnatsevarlikka undovchi “Zumrad va Qimmat“, “O‘rto‘qmoq”, “Laylak bilan tulki” kabi o‘zbek xalq ertaklari nemis tilida o‘qib berildi. O‘quvchilar ushbu asarlarni miriqib tinglab, nemis xalq ijodidan o‘zlari uchun tanish bo‘lgan ertaklar bilan o‘xshash tomonlari ko‘p ekanligini ta’kidladi. Darhaqiqat, dunyo xalqlari og‘zaki ijodida keng tarqalgan ertaklar bolalarni mehnatsevar, rostgo‘y, insonparvar qilib tarbiyalash bilan birga yovuzlik, yomonlik va yolg‘onning kuni qisqa bo‘lishini madh etadi.
Tadbir so‘ngida “Siz O‘zbekistonni bilasizmi?” mavzuida qiziqarli o‘yin va viktorina o‘tkazilib, bilimdon va topqir o‘quvchilar esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.